Welcome to Surxonstat   Click to listen highlighted text! Welcome to Surxonstat Powered By GSpeech

Surxondaryo viloyati hokimi Toʼra Bobolov Oqoltin tumanining toshqindan zarar koʼrgan aholi punktlarida surxondaryolik quruvchilar tomonidan amalga oshirilayotgan uy-joylarni tiklash va taʼmirlash ishlarining borishi bilan tanishdi.

Xabaringiz bor, shu kunlarda Sirdaryo viloyatida suv toshqini oqibatlarini bartaraf etish ishlari ayni avj pallada. Respublikamizning barcha hududlaridan borgan eng mohir usta-duradgor, quruvchi-muhandis, qalbi olov bunyodkorlar bugun “Sardoba” suv ombori talafotlarini bartaraf etishda ulkan shijoat namunalarini koʼrsatmoqda.

Surxondaryo viloyati hokimligi Sirdaryoning Oqoltin tumanidagi “Аhillik“ mahalla fuqarolar yigʼinidagi Bobur nomli aholi punkti, “Navbahor” mahalla fuqarolar yigʼini va unga qarashli “Uchtom” aholi punktida zarar koʼrgan 147 xonadonni qurib, uy-joylar atrofida obodonlashtirish ishlarini amalga oshirishni zimmasiga olgan.

Bugun bu yerda ish qizgʼin. Tiklash jarayonlarida viloyatimizdagi 34 ta yirik pudratchi va yordamchi qurilish korxonasining 1000 nafarga yaqin ishchi-xodimlari kunu tun ishlamoqda. Bundan tashqari, tuman (shahar) obodonlashtirish boshqarmalarining 200 nafardan ziyod xodimlari faoliyat yurityapti.

Biriktirilgan har bir hududga viloyat hokimligidan rahbarlar va ichki ishlar xodimlari masʼul etib tayinlangan. Viloyat IIB Yoʼl harakati xavfsizligi, Favqulodda vaziyatlar, sogʼliqni saqlash boshqarmalari, shuningdek, “Surxondaryo hududiy elektr tarmoqlari” va “Hududgaztaʼminot” korxonalarining oʼnlab xodimlari jalb etilgan.

Hozirgi kunda qurilish-taʼmirlash ishlari 80 foizga bajarildi. Hasharchilarga barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Ular yotoq joy, 3 mahal issiq ovqat, ichimlik suvi va boshqa zarur jihozlar bilan toʼliq taʼminlangan.

Toʼra Bobolov Surxondaryo qurilish shtabi aʼzolari, usta-duradgor, quruvchi-muhandislar bilan suhbatlashib, qurilish-montaj va obodonlashtirish ishlarini tizimli tashkil qilish hamda oʼz vaqtida sifatli amalga oshirish yuzasidan zarur koʼrsatmalar berdi.

 

 

Surxondaryo viloyati hokimligi matbuot xizmati

Surxonstat.uz
Welcome to Surxonstat   Click to listen highlighted text! Welcome to Surxonstat Powered By GSpeech
Tugmani bosing Tinglash
Tugmani bosing Tinglash