Mazkur Qonunning maqsadi – sud-ekspertlik faoliyati sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
Qonunga muvofiq, davlat va nodavlat sud eksperti lavozimini oliy ma'lumotga ega, muayyan sud-ekspert ixtisosligi boʻyicha tayyorgarlikdan oʻtgan hamda sud ekspertizasini oʻtkazish huquqini beruvchi guvohnoma (sertifikat)ga ega Oʻzbekiston fuqarosi egallashi mumkin.
Sud ekspertlarining davlat reestri Adliya vazirligi tomonidan yuritiladi.
Sud-ekspertlik faoliyatining tashkiliy shakllari quyidagilar:
• davlat sud-ekspertiza muassasasi;
• nodavlat sud-ekspertiza tashkiloti;
• sud-ekspertlik byurosi;
• oʻz faoliyatining yoʻnalishi boʻyicha sud-ekspertlik faoliyatini amalga oshiruvchi ilmiy va oliy ta'lim tashkilotlari;
• sud eksperti sifatida ishtirok etadigan boshqa tashkilot xodimi yoki boshqa jismoniy shaxs.
Oʻzbekiston sud ekspertlari palatasi sud ekspertlarining a'zoligiga asoslangan nodavlat notijorat tashkilotdir.
Sud ekspertizasini tayinlagan organ (shaxs) tadqiqot uchun namunalar oladi va ularni protsessual qonunchilikda belgilangan tartibda ishga qoʻshib qoʻyadi.
Sud ekspertizasini oʻtkazish muddatlari 30 kalendar kundan iboratdir.
Agar sud ekspertizasini 30 kun mobaynida oʻtkazish imkoniyati boʻlmasa, ekspertiza tayinlagan organ (shaxs)ga muddat tugashiga 3 ish kuni qolgunga qadar bu haqda xabar qilinadi va mazkur organ (shaxs) bilan kelishilgan muddatgacha uzaytirilishi mumkin.
Sud eksperti yoki sud ekspertlari komissiyasi tadqiqotlarni oʻtkazib boʻlgach, tegishlicha sud eksperti yoki sud ekspertlari komissiyasi tarkibiga kiruvchi har bir sud ekspertining imzosi bilan tasdiqlanadigan xulosa tuzadi.
Muallif: S.Alimardonov




