17/06/2026

Prezidentimizning 2026 yil 8 iyundagi “Sudlarda komplaens nazorat tizimi samaradorligini oshirishning qo‘shimcha chora‑tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni mazmun‑mohiyati hamda unda belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlash masalalariga bag‘ishlangan ma’rifiy‑huquqiy tadbir bo‘lib o‘tdi.

Oliy sud, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahar va viloyat sudlarining sudya va xodimlari ishtirok etgan tadbirda farmon bilan sud tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish mexanizmlarini yana-da kuchaytirish, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish, sudya va sud apparati xodimlari faoliyatida ochiqlik hamda shaffoflikni ta’minlash, komplaens‑nazorat bo‘linmalari faoliyatini samarali tashkil etish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berilgani ta’kidlandi.

Mazkur hujjat sudlarda ichki nazorat tizimini xalqaro standartlar asosida takomillashtirish, xizmat intizomi va odob‑axloq qoidalariga qat’iy rioya etilishini ta’minlash, murojaatlar bilan ishlash sifatini oshirish hamda korrupsiyaviy xavf‑xatarlarni barvaqt aniqlash va bartaraf etishga qaratilgani qayd etildi.

Tadbir davomida farmon ijrosini samarali tashkil etish maqsadida komplaens‑nazorat tizimini raqamlashtirish, sud xodimlari uchun tizimli o‘quv‑seminarlar tashkil etish, ichki monitoring va tahlil ishlarini kuchaytirish, jamoatchilik bilan ochiq muloqotni kengaytirish kabi ustuvor yo‘nalishlar belgilab olindi.

Shuningdek, mas’ul rahbar va xodimlarga aniq topshiriqlar berildi hamda farmon ijrosini ta’minlash yuzasidan “yo‘l xaritasi” ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.

Ta’kidlanganidek, sudlarda komplaens nazorat samaradorligini oshirish odil sudlovni ta’minlash, fuqarolarning sud hokimiyatiga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash hamda ochiq va halol sud tizimini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

 

Muallif: S.Alimardonov